Muzaffar Kasimov. Qanday qilib orzularni raqamlashtirish va kulgili fantaziyalarni maqsadlarga aylantirish bo‘yicha mutaxassis bo‘lish mumkin

Ko‘nikmalar: xalqaro iqtisodiy aloqalar, tashqi savdo faoliyati, HR va moliya, konsalting, biznes jarayonlarini qurish, tashkil etish va avtomatlashtirish.

HM Partners, CLG Leasing, CLG AUTO Leasing, DOIRA TECH, Graund Zero kovorkinglar tarmog‘i va TEAM universiteti asoschilaridan biri.

 O‘tmishda – O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (AMBiT), International Business Travel, TehnoPlaza sanoat biznes markazi, TechnoPlaza Servis Markazi va Western Production Technologies kompaniyalari hammuassisi bo‘lgan.

 Sevgi uch yilga, do‘stlik o‘n besh yilga cho‘zilishi mumkin va faqat karmik aloqa abadiy davom etadi. Hikmat Abdurahmonov va Muzaffar Kasimovlarning hamkorligiga 2023-yilning avgust oyida 17 yil bo‘ldi, shundan xulosa qilishimiz mumkinki, agar ular yaqin orada bir-birini do‘pposlab qo‘ymasa, bu karmik aloqadir.

Muzaffar: Hamkorligimiz do‘stlikdan boshlangan, bundan yomoni bo‘lmasa kerak. 90% hollarda do‘stlikka asoslangan biznes hamkorlik hatto besh yilga ham bormaydi. Biz butunlay boshqachamiz va shu bilan birga tarbiya, ma’lumot, dunyoni anglash va qadriyatlar borasida bir xil tushunchaga egamiz. Shunchaki bizni qiziqtiradigan g‘oyalar bir-biridan farq qiladi. Ko‘pincha Hikmatga qiziq bo‘lgan narsa meni qiziqtirmaydi va aksincha. U DOIRA loyihasi haqida aytib berdimi? Aytmadimi? Ana, ko‘rdingizmi, u bunga unchalik qiziqmaydi. Lekin bu juda ajoyib loyiha, men sizga hozir hammasini so‘zlab beraman. 

Ular o‘zlarining farqlaridagi uyg‘unlikni topib, pul ishlashga muvaffaq bo‘lgan kam sonli odamlardan biri. Ularning har biri Adizes kvadratining ikki burchagini tashkil qiladi. Hikmat Vizioner va Integrator, Muzaffar esa Ishlab chiqaruvchi va Ma’mur. Hikmat Orzu va Harakatga mas’ul, Muzaffar esa dangasa odam kabi hamma narsani avtomatlashtirib, umuman ishlamaslik uchun tugmalar ixtiro qiladi. “Bir kunni yo‘qotib, besh daqiqada uchib borish yaxshiroqdir”. Bu aynan uning shiori.

Muzaffar: Men yana byurokratman. Hikmat fikr tashlaydi, men esa uni maydalab, ichida nima borligini ko‘rish, qanday resurslar kerakligini tushunish, uni qanday hisoblash va tanqid qilishga qiziqaman. Men raqamlarni yaxshi ko‘raman, Hikmat esa raqamlarni yoqtirmaydi. Shu sababli qarorni men qabul qilaman – bu go‘zal g‘oyani amalga oshirish mumkinmi-yo‘qmi. Albatta, biz talashib-tortishamiz, lekin hech qachon do‘stlardek urushmaymiz. Biz bir-birimizga shaxsiy da’vo qilmaymiz, biz ishbilarmonlar kabi bahslashamiz. Bahslashdik, umumiy fikrga kelmadik va tushlikka ketdik. 

Muzaffar o‘zini ideal amaldor bo‘lishim mumkin deb hisoblaydi, unga boshqarish va qiyin vazifalar yoqadi. Hammasiga uni Xitoyga borishga ko‘ndirgan Hikmat “aybdor”. O‘shanda, TIVdan keyin Muzaffar BMTTDda qashshoqlikdan qutulish loyihasida ishladi.

“Xo‘sh, – so‘radi Hikmat, – qashshoqlikdan qutuldingmi? Agar qutulmagan bo‘lsang, hech bo‘lmaganda o‘zingning qashshoqligingni yengarsan”.

Muzaffar: Maoshim yomon emas edi, naq 560 dollar. Bu 20 yil oldingi gap. Hikmat Xitoyga borishni taklif qilib, menga umrimning oxirigacha oyiga 560 dollarga yashash juda zerikarli ekanligini aytganida, nimani nazarda tutayotganini juda yaxshi bilardi. Meni sarguzashtlar unchalik qiziqtirmaydi, meni pul qiziqtiradi. Vosita sifatida, rejalashtirilgan hamma narsani amalga oshirish imkoniyati sifatida, albatta.            

Men raqamlarni yaxshi ko‘raman, pulni yaxshi ko‘raman, u olib keladigan moddiy va nomoddiy narsalarni yaxshi ko‘raman.           

  Garchi xavfsilik yostig‘im katta bo‘lmasa-da. Barcha pullarim har doim aylanmada bo‘ladi, chunki biznes – bu  boylik to‘la sandiqning ustiga o‘tirib olish emas, balki pul oqimlarini boshqarishdir. 

Ular qashshoqlikni tezda yengdilar, chunki agar pul birdan-bir maqsad bo‘lmasa, u zavq keltiradigan har qanday faoliyatning qo‘shimcha kuchiga aylanadi. Va agar bu faoliyat avtomatlashtirilsa, unda ortiqcha urinmay, Barselonada qo‘lingizda bir bokal kyanti bilan baliq bozorini tomosha qilib o‘tirishingiz mumkin.

Muzaffar: Mening orzuyimmi? Dengiz bo‘yida, deylik, Barselonada bir bokal kyanti bilan dunyoni tomosha qilish. Kimdir meni tanisa, kelib salomlashsa va hol-ahvolimni so‘rasa. Men esa hammasi yaxshi, ishlab yuribmiz desam. Keyin esa meni hamrohlariga tanishtirib, bu o‘sha, inqilobiy tuzumni yaratgan Muzaffar Kasimov desa… (aynan qaysi inqilobiy tuzumligini bilmayman). Uning qayerdanligini bilasizmi? U O‘zbekistondan. Ha, dunyoda o‘zbek mo‘jizasi deb ataladigan, ulkan qadam tashlagan o‘sha texnologik mamlakatmi?            Men pul bilan o‘zimni ko‘z-ko‘z qilishni xohlamayman. Men ishlab chiqargan mahsulotlarimiz, amalga oshirgan g‘oyalar bilan, biz birinchi bo‘lgan innovatsiyalar bilan maqtanishni xohlayman. Va, albatta, ba’zi sohalarda birinchi bo‘lish huquqini qo‘lga kiritgan mamlakat bilan ham. 

Aytgancha, DOIRA haqida. Muzaffar menga uning nima ekanligini uch marta tushuntirdi, avval katta odamga, keyin o‘n bir yoshli bolaga tushuntirgandek, so‘ng mavzuni mustahkamlash uchun yana takrorladi.

DOIRA – bu har qanday xodimning samaradorligini baholay oladigan va “hech kim ishlamaydi, faqat men ho‘kizdek ishlayapman” hissini o‘lchaydigan ko‘rsatkichlarni taqdim eta oladigan mahalliy intellektual mahsulotdir. U xodimlarning muammolariga o‘z vaqtida reaksiya bildirish uchun har bir xodimning samaradorlik va salohiyat ko‘rsatkichlari kerak bo‘lgan HR mutaxassislari uchun zarurdir.

Muzaffar: Ya’ni talabgor kompaniyaga keladi, o‘z rezyumesini beradi, HR uning barcha ma’lumotlarini, vakolatlarini jadvalga kiritadi va hujjatlar to‘plamini tuzadi. Keyin uning lavozimiga maqsadlar qo‘yadi – sinov muddati uchun, olti oy yoki bir yil uchun. Muddat tugagach, HR shartli ravishda belgilangan maqsadlarning ro‘parasiga “galochka qo‘yadi” va shaxsning kompaniyaga qo‘shgan hissasi haqida aniq manzara hosil bo‘ladi. Shu bilan birga, salohiyat qanchalik to‘liq amalga oshirilganligini ko‘radi. Va bu talabgor tashkilotga mos keladimi yoki yo‘qmi, degan savolga darhol javob bo‘ladi.            

Natija har oy rahbar tomonidan qayd etiladi va yakunda ma’lum vaqt davomida siz har bir shaxsning samaradorligi va natijadorligini raqamlashtirishingiz mumkin. Ya’ni bu eng xolis natijadir. 

Bu mahsulot allaqachon tayyor. U xorijiy analoglaridan farqli o‘laroq hamyonbop va hozirda bulutli serverlarga o‘tmoqda. Bunday dastur nafaqat biznes, balki davlat tomonidan ham talabga ega bo‘lishi mumkin, agar, albatta, maqsad shunchaki xonada o‘tirish emas, vazirlik yoki idoraning ishini samarali tashkil etish bo‘lsa. Dastur nafaqat KPI va har bir xodim uchun malaka xaritasini, balki u bilan keyin nima qilish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarni ham beradi. Albatta, ushbu dastur bilan professional HRlar – ichki PR nima ekanligini va tog‘larni tolqon qiladigan jamoani qanday yaratishni biladigan odamlargina ishlashi kerak.

Muzaffar: Biz buni serverda, o‘zimiz uchun yaratdik, lekin keyin uni monetizatsiya qilishga va baham ko‘rishga qaror qildik. Bizning ichimizda ushbu formulalarni qanday hisoblash va ularni qanday izohlash bo‘yicha metodologiya mavjud. U mahsulotga aylanishi uchun uni tugatish kerak. Bu dastur butunlay avtonom bo‘lib, bizga umuman bog‘liq bo‘lmasligi uchun yoqimli, do‘stona interfeys, bulutli yechim yaratish lozim. Obuna bo‘lishsin-u ishlayverishsin. 

Nima uchun aynan DOIRA deb nomlanadi? Chunki u milliy cholg‘umizga o‘xshaydi – sozlasang, betakror musiqa yangray boshlaydi.

Biznesmenlar mahsulotni mart-aprel oylarida tadbirkorlarga ko‘rsatishni rejalashtirgan. Va bu yerda eng muhim vazifa soat mexanizmi kabi ishlaydigan yaxshi muvofiqlashtirilgan jamoaga ega bo‘lish qanchalik muhimligini tushuntirish bo‘ladi. Chunki aksariyat tashkilotlarda odamlar ilmiy tahlil asosida emas, balki boshqa, keraksiz tamoyillarga ko‘ra ishga qabul qilinadi.

Mayli, ko‘ramiz.

Ularning o‘z g‘oyalarini ilgari surish va biznes hamjamiyatini birlashtirish qobiliyatini hisobga olgan holda, ular uchun hamma narsa og‘riqsiz va qiziqarli kechishi kerak.

Umuman olganda esa, xizmat ko‘rsatish iqtisodiga keskin burilish yasagan Muzaffar va Hikmat bu sohani katta ishtiyoq bilan o‘rganishga kirishdilar.

Bu yo‘nalishda ularning qaysi biriga osonroq? Ekstravert Hikmatgami yoki ichki introvert Muzaffargami?

Muzaffar: Siz ekstravert va introvertlar kimligi haqida umuman noto‘g‘ri tushunchaga ega ekansiz. Hozir tushuntiraman. Ekstravert muloqotsiz so‘lib qoladi yoki introvert odamlarni yoqtirmaydi degan qarash haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu odamlar o‘z energiyasini turli yo‘llar bilan olishlarini anglatadi. Kimdir odamlardan, ularning g‘oyalari, harakati, shovqini va suhbatlaridan, muloqotdan energiya oladi. Men ham kezi kelganda quvnoqman, jamoada kulishni, dam olishni va raqsga tushishni yaxshi ko‘raman. Lekin men bundan energiya to‘plamayman, men uni odamlarga sarflayman. Energiyani ofisda yolg‘iz o‘tirib, qandaydir g‘oya haqida o‘ylaganimda yig‘aman. EXCEL jadvalini chizaman. Kalkulyatorda ishlayman. Vintlarni ajrataman va ichida nima borligiga qarayman. Bu energiyamning manbayidir. 

Muzaffarning ma’lum vaqt oralig‘ida, ma’lum yoshda qayerda bo‘lishi kerakligi haqida aniq rejasi bor. Reja o‘zgarib turishi mumkin, lekin menimcha,  bu ko‘rinmas chiziqlar bo‘ylab qanday harakat qilishi uning o‘ziga juda qiziq bo‘lsa kerak. Va aynan shu narsa unga zavq bag‘ishlaydi.

Muzaffar: Men dangasa odamligimni aytdimmi? Agar ishlash yoki uxlash o‘rtasida tanlov bo‘lsa, men uxlashni tanlayman. Ammo dangasalik taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir, chunki siz avvalo o‘zingiz uchun ishlaydigan va doimiy harakatni talab qilmaydigan narsani o‘ylab topishingiz kerak.           

Men dangasa odam juda samarali bo‘lishi mumkin deb hisoblayman.           

Nima uchun biz ushbu dasturni yaratdik? Chunki har bir xodim bilan alohida shug‘ullanishga erindik.

Dangasalik, ishga ishtiyoqsizlikdan tashqari, ularda yana bitta umumiy xislat bor – halollik. Muzaffar uni halol deyishlarini yoqtirmaydi: bu uning fe’l-atvoriga yot, unga bu juda dabdabali va balandparvoz eshitiladi. Uning aytishicha, halollik foydali emish. Uni hisoblash va naqdlashtirish mumkin ekan.

Ular halollikni bir chetga surib qo‘yib ishlashlari mumkin edi, Muzaffar raqamlarni yaxshi biladi va har qanday nohalol o‘yin bilan ham moliyaviy jihatdan hozirgi holatida, ehtimol, undan ham yuqorida bo‘lishlari mumkin edi. Lekin…

2000-yillarda ko‘plab kompaniyalar uchun o‘z hamkorlarini “kiydirish” va mijozlarni aldash odatiy hol edi. Pul ko‘p, imkoniyatlar esa undan ham ko‘p edi. Hozir o‘sha taloto‘plardan omon qolganlar qanday qilib oyoqqa turganlari haqida go‘zal hikoyalarni to‘qish bilan band. Ammo tarixni tozalash unchalik oson emas. Haqiqatni biladigan odamlar har doim topiladi.

HM Partners boshidanoq nufuzni tanladi va bundan afsuslanmadi. Bu ishlash yoqimli va xavfsiz bo‘lgan kompaniyalar guruhi bo‘lib, xodimlari mavhum o‘tmishga ega emas. Barcha darajadagi yuksalishlar, pasayishlar va aloqalarga to‘la chiroyli, kulgili, sarguzashtlarga boy hikoya.

HM Partners kompaniyasida yana bir kishi bor, u bilan suhbat kompaniya haqidagi hikoyamizni yanada to‘ldiradi, bu Gavhar Safayeva. U vositachi, she’riyat va matematika o‘rtasidagi chegara ustuni, har qanday bahsdagi bir stakan sovuq suv.

Uning hikoyasi ham sizni befarq qoldirmasligi turgan gap, chunki u HR-direktor bo‘lib ishlaydi va xodimlar HM Partners kompaniyasini nega bu qadar qadrlashlarini aniq biladi. Shuningdek, u kompaniyaning xodimlar bilan ishlash nuqtayi nazaridan va asoschilar gapirib o‘tgan qayta qurishning barcha bosqichlarida qanday o‘sganligi haqida so‘zlab beradi.

Sasha Ivanujenko