Hikmat Abdurahmonov. Qanday qilib obro‘ni monetizatsiya qilish va orzularni boshqarish bo‘yicha yetakchi mutaxassis bo‘lish mumkin
skills: HM Partners asoschilaridan biri, CLG Leasing, CLG AUTO Leasing, Ground Zero kovorkinglar tarmog‘i, TEAM universiteti hammuassislaridan biri.
Ilgari O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi vakolatxonasi rahbari, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (AMBiT) raisi, International Business Travel, Tehno Plaza sanoat biznes markazi, Techno Plaza Servis Markazi va Western Production Technologies kompaniyalari hammuassisi bo‘lgan.
2023-yil avgust oyida HM Partners jamoasi oʻzining 17 yilligini nishonladi. Hikmat Abdurahmonovning soʻzlariga koʻra, bu oʻn yetti yil qiziqarli sarguzashtlarga boy bo‘ldi. Boshqa biznes hamkorlarning bu boradagi fikrlariga biz alohida to‘xtalib o‘tamiz, lekin aynan Hikmat bu tajribani orzu sari intilish yo‘lidagi hayajonli sayohat deb hisoblaydi. Ushbu sayohat davom etmoqda va, aftidan, eng qiziqarli onlar hali oldinda. Chunki 17 yil davomida maqsadlar bir necha bor o‘zgardi, rejalar barbod bo‘ldi va yana qayta tiklandi, bu mavhumlik qanchalik mantiqqa zid tuyulmasin, oldinga intilish uchun yaxshi asos bo‘ldi.
Hikmat uchun hammasi «Qayerga ketyapman, men kimman, katta va barqaror davlat mashinasida kichik bir murvatcha bo‘lish menga qanchalik qiziq?» degan o‘ydan boshlandi.
Hikmat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlab, bir yarim yil davlat idorasida «paxta sotish», shartnoma tuzish, atama va muzokara fanlarini o‘rgandi. Keyin Shotlandiyada va O‘zbekiston-Yaponiya Markazida (UJC) PMP-4 Professional Menejment dasturi bo‘yicha tahsil oldi. Chunki universitet xalqaro iqtisodiy munosabatlarni fan sifatida o‘rgatar, ushbu bilimlarni hech qayerda qo‘llab bo‘lmas edi. Ammo unda davlat ishiga borib kelishdan ko‘ra ko‘proq pul topish istagi bor edi.
Hikmat: Men tahsil olgan Sent-Endryusdagi biznes maktabida «kursdoshlarim»ning yarmidan ko‘pi xitoylik edi. Tasavvur qilyapsizmi, Shotlandiyadagi kichik bir shaharcha, o‘z an’analariga ega qadimiy universitet, bu yerda xitoyliklardan boshqa hammani uchrataman deb o‘ylaysiz-u, biroq talabalarning yarmidan ko‘pi xitoyliklar ekanligini ko‘rib yoqa ushlaysiz. Ular bilan suhbatlashganimizda esa har ikkinchisi qaysidir ishlab chiqarish sohasida ishlovchi odamning o‘g‘li yoki jiyani ekanini aytardi. Ba’zilar u yerda quti ishlab chiqarish zavodiga ega bo‘lsa, boshqalarida to‘qimachilik ishlab chiqarish va hokazo sohalarda mehnat qilardi. Bundan men Xitoyda hozir pul chindan ham ko‘pligini va u yerda odamlar biznesni o‘rgana boshlaganlarini tushundim. Mamlakat ulkan qadamlar bilan odimlamoqda.
Hikmat Shotlandiyadan qaytgach, Tyan-Shan ortiga, Buyuk Ajdaho o‘lkasiga sayohat qilish uchun do‘stlar yig‘a boshladi. U yaxshi yetakchi ekanligini isbotladi, chunki bu safarga qolganlarni ishontira oldi.
Muzaffar Qosimov o‘sha paytda BMTTDda qashshoqlikni yengish loyihasi ustida ishlayotgan edi. Ikkinchi do‘sti Ulug‘bek FAMILIYASI bankda ishlayotgan va u ham sarguzashtlarga ochiq edi.
Ular Xitoyga butunlay kutilmagan ravishda jo‘nab ketishdi: ikki do‘st va Hikmat o‘z oilasi bilan. O‘shanda qizi ikki yoshda, tadbirkorning o‘zi esa 25 yoshda edi. Qahramonimizning cho‘ntagida bir necha dollar va salobatli, ulkan Xitoy savdo mashinasini zudlik bilan O‘zbekistonga yaqinlashtirish kerak degan fikr bor edi xolos.
Ularning sarguzashti Guanchjou shahridan boshlandi, o‘sha vaqtlarda uni xaritadan ham topish mushkul edi. Yigitlar bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib Xitoy asbob-uskunalari va xomashyosini mahalliy tadbirkorlar uchun taqdim etishga kirishdilar.
Hikmat: «Kelinglar, Guanchjouga boramiz, u yerda bir-ikkita tanishlarim bor» deganimda, ular uzoq o‘ylab o‘tirishmadi. Har kim o‘zi uchun chipta sotib oldi. Men ham xotinim va qizimni o‘zim bilan olib ketdim. Xitoydagi sarguzashtlarimiz shu zaylda boshlandi. Bu 2006-yilning yozi edi. Olti oy davomida biz hech qanday buyurtma olmadik. Zamonaviychasiga aytganda, ushbu biznes modelni maromiga yetkazayotgan edik.
Ya’ni ular hech qanday daromadsiz, o‘z hisobidan kun kechirishgan edi. Aziza Umarova (xotini) – bu dono ayolning o‘zi osongina pul topishi, oilasini boqishi va har qanday murakkablikdagi loyihalarni amalga oshirishi mumkin. Ammo u Hikmatga: «Oilani tebratish – sizning bosh og‘rig‘ingiz», dedi. Yosh otaga bu pul topish uchun katta rag‘bat bo‘ldi.
Do‘stlar bir amallab olti oyni o‘tkazishdi. Bir vaqtning o‘zida tarjimalar qilishdi, konteynerlar yuklashdi, xullas har qanday qo‘shimcha pul topish yo‘llarini axtarishdi. So‘ng, 2007-yil fevral oyida birinchi shartnomani tuzishdi. Qanday baxt!
Bu shartnomani ularga «Media Farm» kompaniyasidagi ajoyib inson Xayrulla Bahodirov ishonib topshirgan edi. U 10% komissiya bilan 24 ming dollarga tibbiy asbob-uskunalar uchun buyurtma berdi. Xayrulla Bahodirovning yigitlarga bergan birinchi savoli: «Yigitlar, meni «kiydirib» ketmaysizmi?» edi.
O‘sha paytda sheriklarni «kiydirib» ketish va majburiyatlarga amal qilmaslik tadbirkorlikni endi boshlaganlar orasida odatiy hol edi. Hech kim bir-biriga shubha qilmadi yoki hech qanday ortiqcha hoy-u havaslarga berilmadi.
Keyinroq Xayrulla aka bir kulgili voqeani aytib berdi: «Meni «kiydirib» ketmaganingiz uchun rahmat. Men sizning bu biznes uchun qandaydir haddan tashqari madaniyatli ekanligingizni payqadim, bu, rostini aytsam, biroz g‘alati…»
Biznes modelidan tushgan birinchi daromad naq 2400 AQSH dollari bo‘lib, do‘stlar maoshlarini o‘zaro bo‘lishib, Toshkentdagi kichik idorada ishlayotgan va tadbirkorlarning arizalarini qabul qilish bilan shug‘ullanuvchi yana ikki xodimga ham taqsimlab berishdi.
Keyin korxona ishbilarmonlik turizmi bilan shug‘ullanib, Kanton va boshqa yarmarkalarga tadbirkorlar delegatsiyalarini yubordi, ularni Xitoy ko‘rgazmalarida kutib oldi, ular nomidan muzokaralar olib bordi, shartnomalar tuzdi. Xitoy bo‘ylab kerakli asbob-uskunalar va texnologiyani qidirishdi, «Google»siz bularni hayotga tatbiq etish juda qiyin edi.
2009-yilga kelib yigitlar bir nechta zavodlarning vakiliga aylanishdi, lizing kompaniyasini ochishdi va TechnoPlaza biznes markazini qurishni boshlashdi.
U mahalda bu oqimga qarshi suzish edi. Ularga: «Bunday ishlar bilan shug‘ullanishdan qo‘rqmaysizmi?» deyishdi. Hech qanday konvert yo‘q, normal biznes muhit yo‘q, hamma narsa juda tez «sotib ol-sot» sikli asosida qurilgan, ularga esa olti oygacha kechiktirilgan to‘lovlar ishonilardi – konvertatsiyani shuncha vaqt kutish lozim edi.
Hikmat: Ilgari tashqi savdo, import, eksport bilan shug‘ullanganlar valyuta topish haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lganini yaxshi biladi. Har kim bu muammoni o‘zicha hal qilardi. Kimdir eksport qiluvchilarni topib, ular bilan valyuta ayirboshlardi, yana kimdir birjaga chiqib pulni juda yuqori kursda almashardi, ba’zilar zavodlardan bo‘lib to‘lash evaziga pul olib, olti oyda, bir yilda qarzlarini qaytarardi… Jamoamiz uchun konvertatsiya masalasi unchalik keskin bo‘lmadi: biz iste’mol tovarlarini chetlab o‘tib faqat ishlab chiqarish texnologiyalari, ya’ni asbob-uskunalar bilan shug‘ullanardik, bu pozitsiyalar iqtisodiyot uchun u yoki bu darajada ustuvor hisoblanardi, konvertatsiyani esa olti oy-bir yil kechikish bilan qilardik.
2010-yilda esa tadbirkorlarni birlashtirish zarurligini his qildik. Ularga shunchaki biror narsani, ba’zi xizmatlarni sotishning o‘zi yetarli emas. Biz strategiyamiz uchun juda kuchli marketing vositasi – biznesmenlarga ularni birlashtirish va biznes hamjamiyatini mustahkamlash orqali yordam berish yo‘lini ko‘rdik. Savdo-sanoat palatasi bilan shartnoma tuzdik va Xitoyda ularning xizmatlarini taqdim etdik. Savdo-sanoat palatasi bizni Xitoydagi o‘zining vakili sifatida qabul qilganida o‘ziga xos maqomga ega bo‘ldik. Shu sababli, agar Xitoydagi tadbirkorlarimizda muammolar tug‘ilganida va vakillik funksiyalarini bajarishimiz zarur bo‘lganda, biz bu ishni o‘z zimmamizga oldik va shu tariqa O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining biznesga oid muammolarini hal qildik.
Aynan shu narsa bizga ma’qul keldi. Bu to‘g‘ri obro‘ va imidjni shakllantirishga yordam berdi va mavjud biznesga ajoyib qo‘shimcha bo‘ldi. Biz «biznes advokasi» ishini bajarardik – bu atama jamiyatda, davlat idoralarida va xorijiy hamkorlar oldida biznes manfaatlarini ifodalashni anglatadi. Shu maqsadda mustaqil tadbirkorlik assotsiatsiyasi – Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi ro‘yxatga olindi.
Keyin tadbirkorlar The International Buyer Programm (IBP) manfaatlarini himoya qildi, AQSH Savdo vazirligining shunday dasturi bor edi va ishbilarmonlarni Amerika ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalariga yuborishdi. Bu ko‘rgazmaning o‘zidayoq bepul ro‘yxatdan o‘tish va viza olish imkonini berardi. Ular birinchilardan bo‘lib tashkilotchilar bilan birga 15 kishidan iborat delegatsiyani Kremniy vodiysiga Kaliforniyaga – San-Diego, Los-Anjeles, San-Fransiskoga jo‘natishdi… Eng zo‘r joylarga sayohat qilib, akseleratsiya, kovorking, inkubatorlar, startaplar, ekotizim kabi so‘zlarni o‘rganishdi… 2017-yilda birinchi kovorking – GroundZeroni ochishdi.
Afsuski, qiziqarli kechalar va uchrashuvlar o‘tkazilgan o‘sha birinchi mashhur filial yopildi. Ammo butun qavat yangi TEAM universitetiga juda mos tushdi. Hozir u yerda ajoyib kutubxona bor.
Hikmat: U yerda ajoyib muhit saqlanib qoldi va u universitetimizning ajralmas qismiga aylandi. Shu sababli kovorkingning birinchi filiali hali faoliyat yuritadi, faqat biroz boshqacha vazifada.
2017-yildan e’tiboran iqtisodiyotni liberallashtirish va konvertatsiya ochilishi boshlandi. Va hamkorlar o‘z bizneslarining asosiy «afzalligi» – Xitoyga eksklyuziv oynani ochish imkoniyatini yo‘qotayotganliklarini tushunishdi. Yangilanish vaqti kelgan edi.
Hikmat: Buning uchun biz Skolkovo biznes maktabida malaka oshirishga qaror qildik. Bu biz uchun qilayotgan ishlarimizni qayta ko‘rib chiqish, biznesimizni qayta tashkillashtrirish imkoniyati bo‘ldi. Biz, ya’ni uch nafar hamkor, bunga katta mablag‘ sarfladik. Esimda, o‘shanda ta’lim olishning o‘zi har birimiz uchun 20 000 dollarga tushdi, yana qo‘shimchasiga parvozlar, turar joy va hokazo xarajatlar. Lekin bu ajoyib sarmoya edi, chunki biz qo‘shni davlatlarda nimalar bo‘layotganini ko‘rdik, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan kelgan ajoyib tadbirkorlar bilan uchrashdik.
O‘sha paytda bizning ishimiz savdo biznesi va xalqaro vositachilik xizmatlaridan iborat edi. Yiliga yuzlab maxsus texnika sotilardi. Bizda o‘z xizmat ko‘rsatish markazimiz, katta ehtiyot qismlari ombori, ya’ni har qanday murakkab savdoga hamroh bo‘lishi kerak bo‘lgan savdo posti xizmati bor edi. Shu bilan birga, biz xizmat ko‘rsatish iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tilayotganining guvohi bo‘layotgan edik.
2017-yildan boshlab har yili tadbirkorlik haftaligini o‘tkazib kelyapmiz. Bu yil u yettinchi marta bo‘lib o‘tdi. Bu bizga global miqyosda integratsiyalashishga va butun dunyoda tadbirkorlik sohasida nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rishga yordam berdi. Biz forumlarda qatnashdik, bir-birimiz bilan tanishdik, mutaxassislarni taklif qildik va tadbirkorlar uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajara boshladik. Lizing biznesimiz va kovorking faoliyatimiz tufayli biz xizmat ko‘rsatish biznesi qiziqarli ekanligini va u yerda kelajagimiz borligini tushuna boshladik.
Pandemiya davrida Hikmat va uning hamkorlari biznesning qolgan sohasi vakillari kabi anchagina pul yo‘qotishdi. Eng yuqori cho‘qqisida ularda taxminan 5 000 000 dollarlik mahsulot omborda to‘planib qoldi. Do‘stlar xodimlarni qisqartirish va biznes modelini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olgan ulkan inqiroz davrini boshdan kechirishdi. Kompaniyaning qarzlari paydo bo‘la boshladi, ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Zarar bilan ishlayotgan beshta kovorking shunchaki sevimli o‘yinchoq kabi mavjud edi. Ammo pandemiyadan keyin ular o‘zlariga va’da berishdi: «Hech qanday zarar bilan ishlayotgan loyihalar bo‘lmaydi».
Hikmat: Afsuski, biz Uyushmani yopishga majbur bo‘ldik. Oltita kovorking filialidan beshtasini yopdik, aslida biznesni butunlay yopdik va keyin uni qayta yig‘dik desa ham bo‘ladi. Va o‘shandan beri bizda kovorking maydonlarining uchta filiali ishlayapti, ularning har biri avvalgilaridan ikki-uch baravar katta. Agar ilgari bitta filial 200–300 kvadrat metr joyni egallagan bo‘lsa, hozir o‘rtacha 1000 kvadrat metrga yaqin maydonda joylashgan.
Evolyutsiya masalasiga qaytsak. Skolkovoda yigitlarda o‘z universitetlarini tashkil qilish g‘oyasi tug‘ildi. Aynan shu vaqtda mamlakat rahbariyati ishbilarmonlarga ta’lim sohasidagi xususiy tashabbuslarni ko‘rib chiqishga tayyorligi haqida signal yubordi. Bu g‘oya HM Partners ofislarida roppa-rosa ikki yil aylanib yurdi, shu vaqt ichida ishbilarmonlar butun dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalari qanday ishlashi va ular qanday biznes modelidan foydalanishini o‘rganishdi.
TEAM University ochilishidan oldin turli tadqiqotlarga 150 000 dollar sarflandi: akademik hamkor topish uchun Britaniya konsalting kompaniyasini yollashdi, yaqin va uzoq xorijdagi o‘nlab universitetlarga tashrif buyurishdi.
2020-yil aprel oyida, lokdaun vaqtida Vazirlar Mahkamasining TEAM University ni tashkil etish toʻgʻrisida qarori qabul qilindi. Ikki yil davomida mamlakatlar va rasmiylarimizning idoralarini kezib, nihoyat xususiy universitet ochish imkoniyatiga erishdilar. Ta’lim tizimida inqilob sodir bo‘ldi.
Hikmat: Bu davrda bizning vazifamiz professor-o‘qituvchilar tarkibini to‘plash, birinchi talabalarni qabul qilish bilan shug‘ullanadigan guruh tuzish, besh qavatli, 4000 kvadrat metr maydonga ega binomizni ta’mirlash va qayta loyihalash edi. Chunki endi u sanoat biznes markazining emas, balki universitetning funksiyasi edi.
Birinchi yil universitetga yuztadan kamroq talaba qabul qilindi. Hozirda, to‘rtinchi qabul bilan – 350 talaba, to‘rtta fakultet: uchtasi londonlik hamkorlar bilan va bittasi Amerika mehmonxonachilar uyushmasi bilan.
Hikmat: Shunday qilib, universitet biznesimizga bilimga asoslangan iqtisodiyotni qo‘shdi, faoliyatimizni xizmat ko‘rsatish tomonga keskin burib yubordi.
2022-yilda biz barcha muammolarni hal qilganimizda, savdo biznesini butunlay tark etishga qaror qildik.
To‘rt sherikdan faqat ikkitasi qoldi, Hikmat va Muzaffar – ular ismlarining bosh harflari HM Partners kompaniyalar guruhi nomiga asos bo‘ldi.
Hikmat va Muzaffardan qanday qilib o‘n yetti yil birga ishlab, hamkor bo‘lib qolishganini tez-tez so‘rashadi. Yaxshi savol.
Menimcha, ular «biznes uchun haddan tashqari madaniyatli» va bu sohaga pul topish uchun emas, balki shunchaki yorqin va hayajonli hayot kechirish uchun kelishgan, ular qizg‘in bahs-munozaralar va muhokamalar orqali foydani emas, g‘oyalarni bo‘lishishadi.
Lekin baribir Muzaffarni savolga tutamiz. Uning sxemasi bor va uni boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyor. Chunki Muzaffar – «orzularni raqamlashtirish» va orzularni maqsadlarga aylantirish bo‘yicha yetakchi mutaxassis.
Bu haqda keyingi safar batafsil hikoya qilamiz.