Gavhar Safayeva: Qadriyatlaringizga sherik bo‘lgan odamlar bilan ishlaganingizda yanada tezroq harakat qilasiz
skills: tarjimon, filolog, HR direktor, ovoz berish huquqiga ega hamkor.
Gavhar 10 yildan ortiq vaqt davomida HMPartners kompaniyasida HR direktor lavozimida ishlab kelmoqda. U Hikmat va Muzaffar aytib o‘tgan ko‘plab o‘zgarishlarning bevosita guvohi, tashabbuskori va ishtirokchisidir. Bugun Gavhar tufayli HMPartnersga boshqa tomondan nazar tashlaymiz.
Gavhar, kompaniyalar guruhining ish beruvchi sifatida obro‘si qanday qilib va nima tufayli shakllandi?
Har bir inson qandaydir bir kunlik «nouneym» firmada emas, balki obro‘ga ega barqaror kompaniyada ishlashni xohlaydi. «Qayerda ishlaysiz?» degan savolga odamlar g‘urur bilan javob bera olishlari uchun. Ish beruvchiga esa kompaniya ish izlovchilar uchun jozibador bo‘lishi muhim: bu qo‘shimcha ustunlikdir.
Men HMPartnersga u yerda o‘zgarishlar ro‘y berayotgan davrda kelganman. Bir tomondan, kompaniya allaqachon yaxshi ishbilarmonlik obro‘siga ega edi, boshqa tomondan, ish beruvchining nufuzi ustida ishlash talab etilardi.
Bu davrda kompaniya kengaydi, faol rivojlandi, yangi biznes-markaz qurilishi davom etayotgan edi. Bu nafaqat biznes egalari, balki barcha xodimlar uchun ham o‘ziga xos chaqiriq edi, chunki butun jamoa bo‘lib ko‘p o‘rganish va o‘sish zarur edi. Hamma ham bunga tayyor edi deb bo‘lmaydi. Xodimlarning motivatsiyasi ancha past, jamoa tarqoq edi deyish mumkin. Odamlarni har kuni ishga kelishiga nima majbur qilishini, ularga nima motivatsiya berishini va kompaniyada ishlashdan g‘ururlanishini tushunish yo‘q edi.
Mening kelishim bilan biznes egalari professional HR pozitsiyasidan ichki biznes jarayonlarini korporativ boshqaruv vositalari bilan qanday bog‘lash va o‘z ishlari hamda kompaniya maqsadlarini aniq tushunadigan kuchli jamoani yaratish haqida tushunchaga ega bo‘lishdi.
Biz ishning ichki tuzilishini, hamma o‘rganib qolgan jarayonlarni o‘zgartirishni boshlaganimizda, xodimlarning qarshiligiga duch keldik: ko‘pchilik bu nima uchun va qay maqsadda qilinayotganini tushunmasdi, o‘zgarishlar ishni murakkablashtiradi va hamma uchun «bosh og‘rig‘i» bo‘ladi deb qabul qilindi.
Korporativ boshqaruv vositalari integratsiyalashganda biz xodimlarni saralash va yollash jarayonini butunlay o‘zgartirdik, ish haqi shkalasi bilan moslashish va baholash tizimini joriy qildik, maqsadlarni belgilash va ularni baholashni boshladik, ko‘plab turli motivatsion dasturlarni ishlab chiqdik. Bularning barchasi biz xodimlar tarkibini deyarli butunlay yangilab, yangi sharoitda ishlashga va o‘sishga tayyor jamoani yig‘ishimizga sabab bo‘ldi.
Hikmat va Muzaffarning transformatsiya istagi quruq gap bo‘lmagani va xodimlar tomonidan ma’lum qarshilik va qiyinchiliklarga duch kelganiga qaramay, ular ko‘zlangan natija – kompaniyani nafaqat mijozlar, balki ish izlovchilar uchun ham raqobatbardosh va jozibador qilish sari ishonch bilan harakat qilishganini ta’kidlash joiz. Bu kompaniya nafaqat o‘z korporativ madaniyati va kuchli jamoaga, balki umumiy missiya va qadriyatlarga ega bo‘lishi kerakligini anglatadi.

Missiya va qadriyatlar – bu nima?
Qadriyatlar biznesning ajralmas qismidir. Men HMPartnersga kelganimda kompaniya faqat missiyaga ega bo‘lib, buning natijasida xodimlarda kompaniya jamiyatga qanday foyda keltirishi haqida tushuncha mavjud edi. Ammo birlashtiruvchi qadriyatlar – barcha xodimlar amal qiladigan axloqiy va ishga doir tamoyillar mavjud emasdi.
Qadriyatlarni aniqlash jamoaviy ish hisoblanardi. Xodimlar ularni ertalab uyg‘onib, ofisga kelishga nima majbur qilishini, kompaniyada ishlashga nima undayotganini, ular nimalar bilan faxrlanishini va har qanday sharoitda ham nimadan voz kechishni istamasligini aytib o‘tishdi. Bizning birgalikdagi ishimiz natijasida hammaga yaqin bo‘lgan va har bir xodimimizning shaxsiy qadriyatlariga zid bo‘lmagan 4 ta korporativ qadriyatlar yuzaga keldi:
- halollik va mas’uliyat;
- hayot sifatini yaxshilash (jumladan biz bilan hamkorlik qilayotganlarning);
- o‘sish va rivojlanish;
- jalb etilish va natijaga yo‘naltirilganlik.
Ushbu qadriyatlar bugungi kunda ham dolzarbdir va HMPartners jamoasini shakllantirish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Sizda qadriyatlar kompaniya hayotida qanday amalga oshirilishiga misollar bormi?
Agar o‘sish va rivojlanish haqida gapiradigan bo‘lsak, kompaniya doimo xodimlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratgan va shunga yarasha mablag‘ ajratgan. HMPartners kompaniyasining barcha xodimlari va rahbarlari savdo, xizmat ko‘rsatish, bozor tahlili, biznes-reja va byudjetlarni shakllantirish, ular asosida kompaniyaning strategik maqsadlarini belgilash va ularni barcha xodimlarga kaskadlashga o‘qitilgan.
Biz, amalda noldan boshlab birgalikda zamonaviy biznes boshqaruvini o‘rgandik. Ha, albatta, odamlar kompaniyadan ketgan vaqtlar ham bo‘ldi. Ammo ular bizni boshqa fazilatlar bilan tark etishdi, ular biz bilan ishlashni istamagani uchun emas, balki o‘sib ulg‘ayganlari uchun ketishdi, ular cho‘qqiga yetishdi, mustaqil va ishbilarmon bo‘lib, borib o‘z bizneslarini ochishdi.
Bizdan tez-tez so‘rashadi: «Siz xodimlarni shunchalik ko‘p o‘qitasiz, malakasini oshirishga shuncha katta mablag‘ sarflaysiz, natijada esa odamlar ketib qolishadi, bu ularning o‘qishiga sarmoya kiritishga arziydimi?» degan savolga Hikmat har doim shunday javob beradi: «Biz xodimni o‘qitmay, u biz bilan qolganidan ko‘ra, biz uni o‘qitganimiz va uning ketgani yaxshiroqdir».
Xodimlarning qanday o‘sib borayotganini, o‘rganayotganini va biznes boshlayotganini ko‘rib, biz hozirgi va sobiq xodimlarimizga hamkor bo‘lish va qo‘shma loyihani boshlash imkonini beradigan ichki tadbirkorlik dasturini joriy etish g‘oyasiga keldik. Yo‘nalishlardan birining rahbari CLGAuto bilan birgalikda yaratilgan MediTech kompaniyasi bunga misol bo‘la oladi. Dasturdagi yagona shart – raqobatdosh tuzilmani ochmaslik. Bunday holatlar ham bo‘lgan va bu vaziyatda, albatta, xayrlashishga to‘g‘ri kelgan. Bu insonning odobi va halolligi ko‘rsatkichidir.
Yana bir qadriyat – jalb etilganlik va natija uchun ishlash biz amalga oshirgan HR vositalarida tasvirlangan.

Qanday HR vositalaridan foydalanasiz?
Ikki-uch yil davomida Muzaffar bilan korporativ boshqaruv vositalarini ishlab chiqish va joriy etish ustida ishladik, biznesni ichkaridan o‘rgandik. Men uchun har bir xodim qanday ekanligini, uning o‘z vazifasi, biznes jarayonlari va kompaniya maqsadlari haqida tushunchaga ega yoki yo‘qligini tushunish muhim edi. Natijada, biz har bir lavozim uchun profillar yaratdik, unda hamma narsa eng mayda detallargacha bayon etilgan.
Xalqaro kompaniyalarda ishlaydigan barcha vositalar hozirda bizda ham ishlaydi. Har bir joriy etish, har bir yangi g‘oya sinov va qayta ishlash bosqichidan o‘tadi. Biz qayta aloqani yig‘amiz, xodimlardan bu haqda qanday fikrda ekanliklarini so‘raymiz. Masalan, biz «Maqsad qo‘yish va xodimlarni baholash» instrumentini joriy qildik. Kompaniyaning strategik maqsadlari bor, ushbu maqsadlar asosida kompaniyalar guruhining har bir yo‘nalishi bo‘yicha maqsadlar shakllantiriladi, keyin esa ular u yoki bu yo‘nalishda ishlaydigan barcha xodimlarga yo‘naltiriladi. Natijada har bir xodim kompaniya qayerga intilayotganini va har bir xodimdan qanday natijalar kutilayotganini tushunadi. Ushbu vositaning joriy etilishi va faol qo‘llanilishi DOIRA loyihasining paydo bo‘lishiga olib keldi.
DOIRA nima va uni kim o‘ylab topgan?
DOIRA hamma narsani avtomatlashtirish va mukammallikka yetkazishga ishtiyoqi bo‘lgan Muzaffar tufayli dunyoga keldi. G‘oya paydo bo‘lgan paytda biz Excelda KPIni o‘rnatish va baholashning barcha kamchiliklarini boshdan kechirdik: bu uzatish paytida ma’lumotlarning yo‘qolishi, natijalarning yetarli darajada shaffof emasligi, natijalardan xabardor bo‘lmaslik, muddatlarga ulgurmaslik va boshqalar.
G‘oyaning natijasi KPIlarni belgilash va kompetensiyalarni baholashga mo‘ljallangan yagona platforma – DOIRA prototipi bo‘ldi. Excelda to‘plangan barcha muammolar birdaniga hal qilindi. Bugungi kunda xodimlarimiz hisobotlarni o‘z vaqtida yopishadi, ular o‘z natijalarini istalgan vaqtda ko‘rishlari, muntazam qayta aloqani olishlari mumkin, barcha jarayonlar shaffof va tushunarli.
Endilikda DOIRAni bulutli yechimga aylantirish jarayoni davom etmoqda, shunda boshqa kompaniyalarda murakkabliklarni chetlab o‘tish va xodimlar faoliyatini baholash uchun O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan ishchi vositalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu uch xil intervyu yakunida biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, kompaniya o‘z ta’sischilarini aks ettiruvchi oynaga o‘xshaydi, ularning qadriyatlari va maqsadlari esa biznesga bevosita ta’sir qiladi va hamfikrlar jamoasini shakllantiradi.
Hikmat Abdurahmonov, Muzaffar Qosimov va HM Partners o‘rganishga, rivojlanishga, o‘ziga va o‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lishga tayyor insonlarni qiyinchiliklar qanday qilib toblantirishiga yorqin misol bo‘la oladi.
Ularning maqsadi – mijozlar, hamkorlar va xodimlar uchun biznes va farovonlikni shaffof qilish, hamkorlikka ochiqlik, taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlar, to‘plangan tajriba va bilimlar tufayli rivojlanishiga yordam berishdir.
Hikmat va Muzaffar o‘z tajriba va bilimlarini xodimlar bilan ham, kompaniyadan tashqarida ham faol baham ko‘rishadi. DOIRA loyihasi bunga yorqin misoldir.
O‘zbekistonda nafaqat aqlli biznesni yo‘lga qo‘yish, xodimlar bilan ishlashda ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, balki bu amaliyotni samarali amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan kamyob kompaniyalar guruhi borligi kishini xursand qiladi.
Ular erishganlarida to‘xtab qolmay, yangi narsalarni o‘rganib, o‘z biznesini rivojlantirayotganining o‘zi Hikmat va Muzaffarning oldida yangi maqsadlar turganidan, ular ushbu maqsadlarni albatta zabt etishidan dalolat beradi.

Sasha Ivanujenko